Makkai mukarrama singari Madinai munavvara ham haram — hurmati saqlanadigan, oʻziga xos hukmlari bor muqaddas hudud. Uni haram qilgan zot Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamdir.
Quyida Madina haramining chegaralari va hukmlari haqidagi hadislar keltirilgan.
Ibrohim Makkani, Nabiy Madinani haram qildilar
Abdulloh ibn Zayd ibn Osim roziyallohu anhumlardan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, Ibrohim Makkani haram qildi va uning ahlini duo qildi. Albatta, xuddi Ibrohim Makkani haram qilganidek men Madinani haram qildim va uning soʻsiga va muddiga xuddi Ibrohim Makka ahliga duo qilganidek duo qildim», dedilar».
Muslim va Termiziy rivoyat qilganlar.
Sharh: Mudd ham oʻlchov birligi boʻlib, 544 gramm yoki 0,6875 litrga tengdir. Toʻrt mudd bir soʻga tengdir.
Haramning chegarasi — Ayr bilan Savr orasi
Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Kim «Bizda Allohning Kitobi va ushbu sahifadan boshqa oʻqiydigan narsamiz bor», deb gumon qilsa, batahqiq, yolgʻon aytibdi. Unda tuyalarning yoki jarohat (yetganda toʻlanadigan narsa)lar haqida gap bor.
Unda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Madinaning harami Ayr bilan Savr orasidadir. Kim unda bir bidʼat paydo qilsa yoki bidʼatchiga joy bersa, unga Allohning, farishtalarning va barcha odamlarning laʼnati boʻlsin. Qiyomat kuni Alloh undan naflni ham, farzni ham qabul qilmaydi.
Musulmonlarning zimmasi (omonlik berishi) birdir. Uni ularning eng oddiysi ham bera oladi», deganlar».
Boshqa rivoyatda: «Kim musulmonga bergan ahdini buzsa, unga Allohning, farishtalarning va barcha odamlarning laʼnati boʻlsin. Qiyomat kuni undan nafl ham, farz ham qabul qilinmas. Kim otasidan boshqaning nasabini daʼvo qilsa yoki oʻzini oʻz mavoliylaridan boshqaga tegishli deb bilsa, unga Allohning, farishtalarning va barcha odamlarning laʼnati boʻlsin. Qiyomat kuni Alloh undan naflni ham, farzni ham qabul qilmaydi», deyilgan».
Uchovlari rivoyat qilganlar.
Sharh: Ushbu hadisdagi sahifa — Ali roziyallohu anhu qilichlarining qiniga solib yuradigan bir parcha boʻlib, unda hadisda zikr etilgan baʼzi sharʼiy ahkomlar yozilgan boʻlgan.
Ayr — Madinai munavvaraning janubidagi togʻning nomi. Savr — Madinai munavvaraning shimolidagi togʻning nomi. Bu togʻlar harami madaniyning janub va shimol tomondagi chegaralaridir. Harami madaniyning sharq va gʻarb tomondagi chegaralari kelgusi hadisi sharifda zikr qilinadi.
Ikki harra orasi va oʻn ikki mil
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam Madinaning ikki harrasi orasini haram qildilar. Agar men uning ikki harrasi orasida kiyiklarni koʻrib qolsam, ularni choʻchitmayman. Yana Madinaning atrofidan oʻn ikki milni qoʻriqxona qildilar».
Ikki shayx va Termiziy rivoyat qilganlar.
Sharh: Harra — Madinada mashhur boʻlgan qotib qolgan lavadan iborat qora toshli ikki mintaqa.
Unda qon toʻkilmaydi, daraxt kesilmaydi
Muslimning rivoyatida: «Allohim! Albatta, Ibrohim Makkani harom qildi va uni haramga aylantirdi. Albatta, men Madinani harom qilib, uni haramga aylantirdim. Uning ikki togʻi orasida qon toʻkilmaydi. Unda qitol uchun siloh koʻtarilmaydi. Unda daraxt alaf (hayvon ozuqasi)dan boshqa narsa uchun kesilmaydi», deyilgan».
Sharh: Qitol — urush. Siloh — qurol.
Oʻt-oʻlani yulinmaydi, ovi choʻchitilmaydi
Abu Dovudning rivoyatida: «Uning oʻt-oʻlani yulinmas, ovi choʻchitilmas va tushib qolgan narsasini (egasini) izlovchidan boshqa ololmas», deyilgan».
Sharh: Qisqa qilib aytadigan boʻlsak, harami makkiyning barcha hukmlari harami madaniyga ham toʻla joriy boʻladi.